O‘zbekiston bojxonachilari tomonidan bojxona chegaralari orqali naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o‘tilishining oldini olish borasida muntazam chora-tadbirlar olib borilmoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Jumladan, Samarqand xalqaro aeroportida bojxonachilar tomonidan “Samarqand−Sankt-Peterburg” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib ketayotgan urgutlik Malikaning (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) qing‘ir qilmishlariga nuqta qo‘yildi. Qarang-ki, bu ayol ichki kiyimlariga yashirgancha 5500 AQSh dollarini olib chiqishga uringan ekan.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga yo‘l olgan yana bir fuqaro – bulung‘urlik Barchinoy ham naqd xorijiy valyutalarni yashirincha olib chiqishning xuddi shu “usuli”ni qo‘llab, pand yedi. Shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish natijasida bu ayol salkam 28,5 ming AQSh dollarini bojxona nazoratidan berkitgani fosh bo‘ldi.
Andijon viloyati “Madaniyat” chegara-bojxona posti orqali chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi Muattar ham qoidabuzarlikning yuqoridagi ko‘rinishini tanladi. Ya’ni, bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida yashirincha olib o‘tishga uringan 10 ming AQSh dollarini ichki kiyimlari orasiga berkitdi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Keles” temir yo‘l bojxona posti xodimlari tomonidan ham shu turdagi bir nechta qonunbuzarlik holatlarining oldi olindi. Jumladan, “Olma-ota−Nukus” yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchisi − nukuslik Azizbek qo‘l yuklari orasidagi 7100 AQSh dollari haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yoki bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilishni go‘yoki “unutib” qo‘yibdi.
“Toshkent−Moskva” yo‘lovchi poyezdi bilan yurtimizdan chiqib ketayotgan qarshilik Zamiraning bezovtalanishini bojxonachilarning shubhalanishiga sabab bo‘ldi. Amaldagi tartiblarga muvofiq ushbu ayol xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, kiyimlari ostidan 12 ming AQSh dollari hamda 20 ming Rossiya rublini beliga bog‘lab olgani aniqlandi.
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan ukrainalik Valeriyaing qing‘ir qilmishlariga nuqta qo‘yildi. Rostov shahriga parvozi oldidan ushbu ayol shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ichki kiyimlari orasiga 14,5 ming AQSh dollarini yashirib,olib o‘tishga uringani fosh bo‘ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartiblarga muvofiq, respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning o‘rnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.
Norezidentlarga esa O‘zbekistonga kirib kelayotganda o‘zi bilan olib kelgan hamda bojxonaga taqdim etilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilgan miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqishlariga ruxsat berilgan.
Izoh (0)