Andijonlik yozuvchi Nabi Jaloliddin buyuk o‘zbek shoiri va yozuvchisi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon haqidagi “Tegirmon” nomli tarixiy romanni yozib tugatdi, deb xabar bermoqda “Kun”.
“Bu roman mustaqillik uchun kurashgan, haqgo‘y, jasur, g‘animning ko‘ziga tik boqishdan qo‘rqmagan jasoratli va vatanparvar, shuningdek, hayoti bir umr iztirobda, sarson-sargardonlikda, xo‘rlikda o‘tgan Cho‘lpon haqida”, — deyiladi Nabi Jaloliddinning shaxsiy saytidagi xabarda.
Bundan tashqari, asarda O‘zbekiston tarixi va adabiyotida katta iz qoldirgan o‘nlab shaxslar, o‘tgan asrning 20—30-yillaridagi fojiali voqealar ham o‘rin olgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning taklifi va tavsiyasi bilan yozilgan, ikki kitob, besh qismdan iborat bu roman o‘quvchilar e’tiboriga 2015-yilda havola etiladi.
Ma’lumot uchun, Abdulhamid Cho‘lpon (1897-1938) o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri, yetuk lirik shoir bo‘lib, u “Kecha va kunduz” romani kabi nasriy asarlari bilan tanilgan.
Izoh (0)