12-noyabr kuni O‘zbekiston Respubikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Toshkent islom universiteti hamkorligida “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.
Anjumanda Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Chexiya, Xitoy, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston kabi davlatlardan ekspertlar, O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, diniy konfessiya rahbarlari, o‘zbekistonlik olim va mutaxassislar ishtirok etdilar.
Dunyoning turli mintaqalarida diniy aqidaparastlik, millatchilik va irqchilik g‘oyalari bilan qurollangan guruhlar tomonidan nizolar avj olib borayotgan bugungi tahlikali zamonda ko‘pmillatli jamiyatda dinlararo totuvlikka erishish, ko‘pkonfessiyaviylik asosida demokratik islohotlarni amalga oshirish, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Anjumanda O‘zbekistondek dunyoviy demokratik rivojlanish yo‘lini tanlagan mamlakatda dinning davlatdan ajratilgani, shu bilan birga hamma uchun vijdon erkinligining to‘la kafolatlanishi, e’tiqod va diniy qarashlarning majburan singdirilishiga yo‘l qo‘yilmaslik, millati, irqi va diniy kelib chiqishidan qat’i nazar barcha fuqarolarning qonun oldida teng ekanligi tamoyillariga qat’iy rioya qilinayotgani jamiyat barqarorligining asosiy omillaridan bo‘lib kelayotgani ta’kidlandi.
Mazkur sana munosabati bilan tashkil etilgan konferensiya ishtirokchilari bugungi globallashuv jarayonida dinlar, konfessiyalar, millat hamda elatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, bir-birini to‘g‘ri tushunishga erishish naqadar zarurligini ta’kidladilar. Chunki ayni bu omillar jamiyatning tinchligi va barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Tinchlik va barqarorlik esa, taraqqiyot va farovonlikning asosiy garovidir.
Anjuman natijalari bo‘yicha ilmiy maqolalar to‘plami chop etilib, yakuniy xulosalar hamda amaliy ahamiyatga molik taklif va tavsiyalar berildi.
Izoh (0)