2015-yilgi Davlat byudjetining ijtimoiy xarajatlari joriy yildagiga nisbatan 1,2 baravar ko‘payadi. Bu haqda 2014-yil 13-noyabr kuni Toshkent shahrida ochilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida qayd etildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Xususan, mamlakat oliy o‘quv yurtlari, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylari o‘quv-laboratoriya korpuslarini, shuningdek, tibbiyot muassasalarini qurishni, rekonstruksiya qilishni, mukammal ta’mirlash va jihozlashni moliyalashtirishga katta miqdorda mablag‘ yo‘naltiriladi.
Davlat byudjetidan 138 ta sog‘liqni saqlash obyektini qurish va batamom zamonaviy texnika bilan jihozlashga 495 milliard so‘m, 246 ta umumta’lim maktabini, 42 ta akademik litsey va kasb-hunar kollejini rekonstruksiya qilishga, shuningdek, 246 ta o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasasini mukammal ta’mirlashga 479 milliard so‘m ajratish nazarda tutilgan.
72 ta tuman tibbiyot muassasasi quriladi. Umuman, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini moliyalashga qilinadigan davlat xarajatlarining o‘sishi 2014-yildagiga nisbatan qariyb 22 foizni tashkil etadi.
Izoh (0)