O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasining Bosh kotibi Oybek Qosimov 2014-yilning 7—8-noyabr kunlari Bangkok shahrida o‘tkazilgan Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining (MOQA) XIX Bosh Assambleyasida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Assambleya yig‘ilishida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi rahbari, Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad Al-Saboh, shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasiga a’zo 205 davlatning Milliy olimpiya qo‘mitalari rahbariyati hamda xalqaro sport tashkilotlarining prezidentlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishning birinchi kuni Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo olimpiya kengashi rahbari Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh, shuningdek, MOQA Bosh kotibi hamda qit’aviy vitse-prezidentlar, MOQAning turli komissiya va bo‘limlari rahbarlarining o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Hisobotlar bo‘yicha chiqishlar yakunlangach, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining rahbariyatini yangi muddatga (2014—2018 yillar) saylash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish qatnashchilarining aksariyati 2012-yildan buyon ushbu nufuzli xalqaro tashkilotni boshqarib kelayotgan Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh nomzodini bir ovozdan ma’qulladi va shu tariqa Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh keyingi to‘rt yil davomida Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasini boshqaradigan bo‘ldi.
“Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax hamda FIFA rahbari Yozef Blatter avvalroq ta’kidlab o‘tganidek, 2022-yil Qatar davlatida o‘tkaziladigan qishki Olimpiya o‘yinlari va futbol bo‘yicha jahon chempionati bahslari bir muddatda o‘tkazilmasligiga 100 foiz ishonch bildiraman. Olimpiada o‘yinlari avval e’lon qilinganidek 2022-yilning fevral oyida o‘tkaziladi. Sababi XOQ tomonidan musobaqalarning tashkiliy jihatlari, translyatsiya va marketing masalalari bo‘yicha hamkorlar bilan kelishuvlar imzolab bo‘lingan” — dedi MOQA rahbari Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh.
Shundan so‘ng, Olimpiya birdamligi dasturi bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yuzasidan hisobot tinglanib, 2022-yilgi qishki Olimpiada o‘yinlari mezbonligiga nomzod bo‘lgan Pekin (Xitoy) va Olma-Ota (Qozog‘iston) shaharlari tashkiliy qo‘mita rahbarlarining tayyorgarlik ishlari bilan bog‘liq ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. 2022-yilgi olimpiada o‘yinlari mezboni 2015-yilning iyul oyida Kuala-Lumpur shahri (Malayziya)da o‘tkaziladigan Xalqaro olimpiya qo‘mitasining navbatdagi sessiyasida e’lon qilinishi ma’lum qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining maxsus mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ma’lumot uchun, ushbu mukofotlar har ikki yilda o‘z egalariga topshiriladi. Nomzodlar esa qishki yoki yozgi olimpiada o‘yinlarining yakunlariga ko‘ra e’lon qilinadi.
Shunday qilib, xokkey bo‘yicha Kanada erkaklar va ayollar terma jamoalari “eng yaxshi jamoa” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Sochi — 2014 o‘yinlarining “eng yaxshi ayol sportchisi” deb konkida uchish bo‘yicha o‘tkazilgan poygalarda ikkita oltin va uchta kumush medalga sazovor bo‘lgan gollandiyalik Iren Vyust e’lon qilindi.
Norvegiyalik mashhur biatlonchi Ule-Eynar Borndalen esa “eng yaxshi erkak sportchi” nominatsiyasida bosh sovringa sazovor bo‘ldi. Sochi olimpiadasi yakunlariga ko‘ra “eng muvaffaqiyatli olimpiya qo‘mitasi”ga berilgan sovrin umumjamoa hisobida birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan Rossiya olimpiya qo‘mitasiga nasib etdi.
Mukofotlash marosimida yana bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilganlarga MOQAning mukofotlari tantanali suratda topshirildi.
Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi Bosh Assambleyasi yig‘ilishining ikkinchi kuni 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da va 2020-yil Tokio (Yaponiya)da o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari, shuningdek, 2016-yil Norvegiyaning Lillixammer shahrida hamda 2018-yil Buenos-Ayres (Argentina)da o‘tkaziladigan qishki va yozgi o‘smirlar olimpiada o‘yinlari, 2018-yil Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida o‘tkaziladigan qishki olimpiada o‘yinlari tashkiliy qo‘mitalari rahbarlarining tayyorgarlik ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Assambleya yig‘ilishida qit’aviy musobaqalarning tashkiliy qo‘mita rahbarlari hamda Butunjahon dopingga qarshi agentligi rahbari Kreyg Ridi ham o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruza qildi.
“Safar davomida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining rahbari, Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh, shuningdek, qator davlatlar MOQlari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi va unda o‘zaro hamkorlik ishlarini yanada kengaytirish bilan bog‘liq qator masalalar yuzasidan kelishib oldik, — dedi O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov. — E’tiborlisi, XOQ prezidenti Tomas Bax, MOQA rahbari, Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh O‘zbekistonda olimpiya harakatini rivojlantirish, olimpizm g‘oyalarini keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini mamnuniyat bilan ta’kidlab, kelgusida ham bu boradagi istiqbolli rejalarni hamkorlikda amalga oshirishga katta ishonch bildirdi”.
Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining XX Bosh Assambleyasi 2015-yil Vashington shahri (AQSh)da shahrida o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Izoh (0)