Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida poytaxtning ikki jamoasi — “Bunyodkor” hamda “Lokomotiv” klublari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Stadionga kelgan minglab muxlislar qarshisida ikki grand klub g‘oliblik uchun kurash olib bordi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
Uchrashuvning asosiy daqiqalarida hisob ochilmadi. Hujumchilar bir necha marta golli vaziyatlarni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo himoyachilar o‘z vazifalarini yaxshi uddaladi. Barcha masala qo‘shimcha daqiqalarga qoldi.
Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda jamoalar oldinga tashlandi. Ayniqsa, “Lokomotiv”ning hujumlari xavfli tus ola boshladi. Aleksandr Geynrix ham bir muddatga to‘xtamadi va jamoasining deyarli barcha hujumlarida ishtirok etdi.
Qo‘shimcha daqiqalarning ikkinchisida maydonga Marat Bikmayev tushirildi. Aytish kerakki, Maratning tajribasi qo‘l kelib, hisob ochildi. O‘ng qanotda yugurib kelgan Bikmayev to‘pni to‘xtatib, jarima maydonchasiga ko‘tardi. U yerda Jasur Xasanov kelayotgan to‘pni yerga tushirmasdan darvozaga yo‘lladi va gol muallifiga aylandi. Stadion xayqiriqlarga to‘ldi.
Shu tariqa o‘yin 0:1 hisobida yakunlandi va “Lokomotiv” O‘zbekiston kubogi sohibiga aylandi.
O‘zbekiston kubogi (final)
“Bunyodkor” — “Lokomotiv”: 0:1
Gol: Jasur Xasanov (106)
“Bunyodkor”: Akbar To‘rayev, Akmal Shorahmedov, Xayrulla Karimov, Anvar G‘ofurov, Sato Minori, Ivan Miloshevich, Samir Bekrich, Sardor Rashidov, Javlon Ibrohimov, Oleg Zoteyev, Vohid Shodiyev.
“Lokomotiv”: Ignatiy Nesterov, Bobur Yo‘ldoshev, Sadriddin Abdullayev, Salim Mustafoyev, Fozil Musayev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Shavkat Mullajonov, Dilshod Rahmatullayev, Alisher Shog‘ulomov, Lutfulla To‘rayev, Aleksandr Geynrix.
Izoh (0)