Marokash futbol bo‘yicha 2015-yilgi Afrika millatlar kubogiga mezbonlik qilmaydi, musobaqaga mezbon mamlakat sifatida yo‘l olgan bu mamlakat termasi esa diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqdagi qaror 11-noyabr, seshanba kuni Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) tomonidan qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Kun”.
Oktabr oyida Marokash Afrika millatlar kubogini 2015-yil yanvar — fevralidan nisbatan kechroq muddatga ko‘chirishni so‘rab CAF’ga murojaat qilgandi. Marokash hukumatining fikricha, musobaqaning kechiktirilishi Ebola virusi qayd etilgan mamlakatlar ishtirokidagi tadbirlardan qochish va kasallik tarqalishini oldini olish imkonini bergan bo‘lardi. Biroq CAF musobaqani boshqa muddatga qoldirish to‘g‘risidagi taklifni rad etdi.
CAF tomonidan tarqatilgan bayonotda qayd etilishicha, musobaqaning yangi mezboni nomi tez orada ma’lum qilinadi. Mezbonlikka da’vogar mamlakatlar soni va musobaqaning o‘tkazilish muddatlari o‘zgaradimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum.
“CAF futbol bo‘yicha Afrika millatlar kubogini o‘z hududida qabul qilish istagani bildirgan mamlakatlardan bir necha takliflarni ko‘rib chiqmoqda”, — deyiladi BBC News xabarida.
Marokash mezbonlik qilishdan bosh tortgan Afrika millatlar kubogining final bosqichiga saralashdan o‘tgan 15 ta mamlakat termasi yo‘l oladi. Yana bir yo‘llanma esa musobaqa mezboniga aylanadigan mamlakatga beriladi.
Ma’lumot uchun, G‘arbiy Afrikadagi Ebola bezgagi virusi epidemiyasi 2014-yil bahorida boshlandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining noyabr oyi boshidagi ma’lumotlariga ko‘ra, Ebola bezgagi natijasida kamida 4960 kishi halok bo‘lgan. Kasallikdan davolovchi tan olingan dori yoki vaksina hozircha mavjud emas.
Izoh (0)