Hindistonning Gujarot shtati mahalliy parlamenti mansabdor shaxslarning uyida hojatxona bo‘lishini shart qilib qo‘yuvchi qonun loyihasini ma’qulladi, deb xabar bermoqda NDTV.
Qonun kuchga kirgan kundan boshlab yarim yil ichida amaldagi hududiy vazirlar mahalliy hukumatga o‘z uylarida hojatxona bor-yo‘qligi haqida axborot berishi kerak. Agar xonadonda hojatxona bo‘lmasa, mansabdor shaxs mansabidan ayrilishi mumkin.
Saylovlarda ishtirok etadigan bo‘lajak nomzodlar ham uylarida hojatxona borligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishga majbur bo‘ladi.
Gigiyena qoidalariga rioya etilishi tarafdori bo‘lgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining so‘zlariga ko‘ra, mazkur tadbir suv ifloslanishining oldini olishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti axborotiga ko‘ra, 1,1 milliardga yaqin aholi biror marta ham hojatxonadan foydalanmagan. Hindiston aholisining yarmidan ko‘pi esa bu boradagi ehtiyojini ko‘chada qondiradi.
Izoh (0)