O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-noyabr kuni Oqsaroyda Amerika — O‘zbekiston savdo palatasining (AO‘SP) navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan AO‘SP Raisi Kerolin Lemmni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
AQShning yetakchi kompaniya va firmalari vakillari delegatsiyasining O‘zbekistonga bu galgi tashrifi Amerika biznesining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganidan, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishidan dalolat beradi.
Davlat rahbari mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlar ekan, Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi 20 yildan ziyod vaqt davomida O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashib kelayotganini ta’kidladi.
Ayni paytda ushbu nohukumat notijorat tashkilotga Amerikaning “Boing”, “Jeneral Motorz”, “Jeneral Elektrik”, “Xaniuell”, “Rio Tinto”, “Seppelin”, “Lokxid Martin”, “Merk”, “Uayt end Keys”, “Solar Turbinz”, “EfEmEn Interneshnl” kabi 17 yetakchi kompaniyasi a’zodir.
Kerolin Lemm Islom Karimovga samimiy qabul va Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda iqtisodiyot va investitsiyalar sohasidagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha ham fikr almashildi.
Muzokara yakunida O‘zbekistonni global biznes sohasida yetakchi mamlakat sifatida rivojlantirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun Prezident Islom Karimovga “Billur globus” taqdim etildi.
Izoh (0)