“Zakovat” intellektual klubi tomonidan navbat bo‘yicha IX Respublika festivali o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu festivalda Respublikaning barcha hududlaridan jamoalar ishtirok etishi mumkin. Bu haqda klub rasmiy saytida qayd etilgan ma’lumotga tayanib, Xushnudbek.uz xabar bermoqda.
Festivalda ishtirok etish istagini bildirgan barcha jamoalar tashkiliy qo‘mitaga o‘z arizasini topshirishi lozim.
Xabarda ta’kidlanishicha, bu yilgi festival o‘yinlari joriy yilning 30-noyabr kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan “Tanovor sadosi” restoranida o‘tkaziladi (mo‘ljal: “Zenit” zavodi orqa tomonida). Jamoalarni ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari soat 9.00 dan boshlanadi. Soat 9.30 da festivalga start beriladi. Festivalda dastlabki uchta o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar ekran orqali bo‘lib o‘tadigan Saralash bahslarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
Yana bir e’tiborli tomoni joriy yildan Festival nizomiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, Festivalda ishtirok etgan viloyatlar jamoalari uchun ham ekran orqali bo‘ladigan Saralash o‘yinlariga kamida bitta yo‘llanma kafolatlanadigan bo‘ldi. Ya’ni Festivalda 1—3-o‘rinlarni Toshkent shahri jamoalari egallagan taqdirda ham, viloyat jamoalari o‘rtasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan bitta jamoaga egallagan o‘rnidan qat’iy nazar ekran sari yo‘llanma beriladi. Shunda Festivaldan uchta emas, balki to‘rtta jamoa ekranga chiqish huquqini qo‘lga kiritadi.
Bunday o‘zgarish kiritilishiga sabab, oxirgi ikki yilgi Festival yakunida barcha g‘oliblarni Toshkent shahridan qatnashuvchi jamoalar tashkil qilgan edi. Viloyatlik bilimdonlarga ham qo‘shimcha imkoniyat berish maqsadida shunday qarorga kelindi.