Elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasi va SpaceX kosmik korporatsiyasi asoschisi, amerikalik mashhur tadbirkor Elon Mask yangi loyiha ustida ish olib bormoqda. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasiga tayanib, Korrespondent.net xabar bermoqda.
Elon Mask yerga yaqin orbitaga butun dunyoni internetga ulanish bilan ta’minlovchi qariyb 700 ta unchalik katta bo‘lmagan telekommunikatsiya yo‘ldoshlarini yuboradi. Tadbirkor mazkur loyihani Google’ning sun’iy yo‘ldoshlar bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan sobiq menejeri Greg Uayler bilan birga amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Uaylerning WorldVu Satellites kompaniyasi radiochastotalarning yirik bloki huquqiga egalik qiladi.
Qayd etilishicha, hamkorlar kosmosga 113 kilogrammdan kam og‘irlikdagi qurilmalar jo‘natishni mo‘ljallamoqda. Bu ayni damda orbitada ishlayotgan eng kichik telekommunikatsiya yo‘ldoshlaridan ikki barobar kam og‘irlik demakdir.
Bundan tashqari, mazkur qurilmalarning hozirgi telekommunikatsiya yo‘ldoshlariga nisbatan ancha arzon bo‘lishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, Mask va Uayler qurilmalarining umumiy qiymati million dollardan oshmaydi.
Rejalarga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshlar orbitaga SpaceX Falcon 9 kompaniyasi raketalarida ham yetkaziladi.
Agar hamkorlar orbitaga 700 ta qurilma jo‘natsa, ularning sun’iy yo‘ldoshlar guruhi dunyodagi eng yirik Iridium Communications (AQSh) yo‘ldoshli telefon aloqa operatori guruhidan 10 barobar ko‘p bo‘ladi.
Izoh (0)