Qatarda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati uchun sport obyektlari qurilishida ishtirok etayotgan KXDRdan kelgan ishchilarning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya hukumati ular ishlab topgan pulning 90 foizini olib qo‘yadi. Bu haqda The Guardian nashriga tayanib, Stadion.uz xabar bermoqda.
Ishchi-muhojirlarning so‘zlariga ko‘ra, ular o‘zlari va oilalarini boqish uchun ishlamoqda. Biroq Shimoliy Koreyadan qochganlar va mutaxassislarning fikricha, oxir-oqibat ular ishlab topgan pullarining faqat 10 foizini qo‘lga kiritadi, ba’zilarga esa hech narsa berilmaydi.
“Biz kabilarga odatda pul to‘lashmaydi. Ishlab topgan pullarimiz o‘zimizga deyarli tegmaydi. Biz bu yerga xalqimiz uchun valyuta ishlab topish maqsadida kelganmiz”, — dedi Qatar poytaxti Doha markazidagi qurilishlardan birida mehnat qilayotgan shimoliy koreyalik muhojirlardan biri.
Rasmiy Pxenyan olib borayotgan yadroviy dastur sabab, Shimoliy Koreya xalqaro sanksiyalar sharoitida yashab kelmoqda. Shu munosabat bilan ishchi-muhojirlar tomonidan ishlab topilayotgan xorijiy valyuta KXDR iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlab turishda muhim vosita hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Qatardagi jahon chempionati bahslari 2022-yilda bo‘lib o‘tishi kerak. Musobaqa mezbonini aniqlash bo‘yicha saylovlar atrofida yuzaga kelgan mojarolar tufayli ushbu mamlakatda mundialni o‘tkazish imkoniyatlari ko‘p ham yuqori baholanmayapti.
Izoh (0)