Yaponiyadagi Ritsumeikan Osiyo — Tinch Okeani havzasi universiteti (Ritsumeikan APU)da 3—7-noyabr kunlari O‘zbekiston haftaligi bo‘lib o‘tdi. Universitet tarixida ilk bora O‘zbekiston madaniyati, urf-odatlari, oshxonasi va milliy sportiga bag‘ishlab o‘tkazilgan turkum tadbirlarga unda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar tomonidan tashkillashtirilgan katta shou dasturi tantanali ravishda yakun yasadi, deb xabar bermoqda “Kun”.
Tadbirda O‘zbekistonning Toshkent, Buxoro, Andijon, Samarqand va Xorazm kabi viloyatlarining o‘ziga xos madaniyati ajoyib hikoya asosida aks ettirildi. Unda yaponiyalik yigit o‘z baxtini shu viloyatlarda qidiradi.
Universitetga bu yili grant asosida o‘qishga qabul qilingan Barno Vafoyevaning aytishicha, O‘zbekiston haftaligi APU’dagi ko‘p talabalarni befarq qoldirmadi. “Ayniqsa, katta shou dasturi hammaga manzur bo‘ldi”, — dedi u.
Yaponiyadan o‘zbekistonlik talaba Anvarjon Abdulhamidov xabar beradi:
Yaponiyada joylashgan Asia Pacific University (APU) xalqaro oliygohida 100 ga yaqin davlatdan minglab talabalar tahsil oladi. Bu yerda har bir mamlakat vakillari o‘z madaniyati va milliy qadriyatlarini butun dunyoga tanitish imkoniyatiga ega.
O‘zbekistondan 100 dan oshiq talaba hamjihatlikda o‘z milliy an’analarini tanishtirish maqsadida ilk marotaba Uzbekistan Cultural Week (“O‘zbekiston madaniyati haftaligi”) tadbirini tashkil etdi.
Aytish joizki, tadbirning mas’uliyatini his qilgan holda tayyorgarlik ishlari olti oy davom etdi. Bu tadbir APU’dagi barcha o‘zbek talabalari, universitet rahbariyati, universitet joylashgan Beppu-shi shahri ma’muriyati va aholisi, shahar kichik tadbirkorlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Bir hafta davom etgan tadbir universitet ochiq sahnasidagi o‘zbek milliy raqslari bilan boshlandi. Haftalik doirasida palov va lag‘mon kabi o‘zbek taomlari oliygohning barcha a’zolariga tortiq qilindi. Shahar markazida esa ma’muriyat va aholi uchun osh berildi — bu tadbirlar shahar aholisining o‘zbek madaniyati bilan yaqindan tanishishiga xizmat qildi.
“O‘zbekiston mamlakati” deb nomlangan kichik burchak o‘zbekona libos, shirinliklar va O‘zbekiston to‘g‘risidagi muhim ma’lumotlar bilan bezatildi — ushbu “mamlakat”ga tashrif buyurgan har bir mehmon bir daqiqa bo‘lsa-da o‘zini o‘zbekdek his qilish imkoniga ega bo‘ldi. Xalqaro haftalik davomida o‘zbekcha raqs, shuningdek, milliy sport turlari namoyishiga bag‘ishlangan Uzbek Disco Party, Uzbek National Sports tadbirlari ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Festivalning eng asosiy qismi Grand Show bo‘ldi. Shouda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon va Xorazm milliy raqslari ijro etildi, tomoshabinlar o‘zbek liboslari va raqs harakatlaridan hayratda qolganini ta’kidladi. Ayniqsa, Fashion Show namoyishi eng ajoyib chiqishlardan biri bo‘ldi.
Uzbekistan Cultural Week xalqaro festivali yakuniga yetdi. O‘zbek talabalari bilan birga Yaponiya, Hindiston, Indoneziya, Filippin kabi mamlakatlardan kelgan talabalar tadbir muvaffaqiyatiga o‘z hissalarini qo‘shdi va, albatta, bunday muvaffaqiyatda tadbir lideri, hozirda APU magistratura birinchi bosqich talabasi bo‘lgan Bobir Odilovning xizmatlari katta bo‘ldi.
Izoh (0)