Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazuvchi shahar saylov komissiyasida o‘tkazilgan brifing joriy yilgi saylovga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazuvchi shahar saylov komissiyasi raisi F. Mahmudxo‘jayev va boshqalar O‘zbekistonda fuqarolar, siyosiy partiyalarning saylov jarayonlarida erkin, faol ishtirok etishi uchun zamonaviy talablarga javob beradigan tashkiliy-huquqiy, moddiy-texnik sharoitlar, ularning saylov huquqlari to‘liq amalga oshirilishining mustahkam kafolatlari yaratilganini ta’kidladi. Markaziy saylov komissiyasi rahbarligida davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni ta’minlovchi saylov komissiyalarining yaxlit tizimi tashkil etildi.
O‘tgan davrda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga o‘tkaziladigan saylov jarayonida bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan saylovoldi tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Joylarda O‘zbekiston Respublikasining “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonuniga amal qilinishini nazorat qilish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida shahar saylov komissiyasi a’zolari tumanlarga biriktirildi.
Toshkent shahri bo‘yicha saylov uchastkalari va ularning hududiy chegaralari belgilandi. Saylovoldi tadbirlari bilan saylovchilarni keng xabardor etish maqsadida saylov okrugi va saylov uchastkalarining hududiy chegaralari, shahar va okrug saylov komissiyalari tarkibi matbuotda e’lon qilindi.
“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Toshkent shahar telefon tarmoqlari filiali tomonidan barcha saylov okruglari va uchastkalari telefon aloqasi bilan ta’minlandi. Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan saylov okruglari va saylov uchastkalarida tegishli o‘rganishlar o‘tkazildi. “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 11-moddasi 9-qismiga muvofiq saylovchilarga oid hujjatlar shakllari tasdiqlandi.
Izoh (0)