Bryusselda 100 mingdan ortiq odam Belgiya hukumati olib borayotgan qat’iy iqtisod qilish siyosatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishi o‘tkazdi. Bu haqda Le Soir’ga asoslanib Kun.uz xabar bermoqda.
Aksiya ikki soatdan ko‘proq vaqt davomida tinch o‘tdi, biroq shundan keyin politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi, politsiya namoyishchilarga nisbatan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv otish mashinalaridan foydalangan.
Belgiya OAV xabarlariga ko‘ra, har ikki tomonda ham jabrlanganlar bo‘lgan. “12 nafar politsiyachi tan jarohati olgan – ularning jarohatlari qanchalik jiddiy ekanligi noma’lum”, – deyiladi nashr xabarida.
2014-yil kuzida Belgiyada yangi hukumat shakllantirilgan edi. 11-oktabr kuni u qirol Filipp oldida qasamyod qabul qilgan. Bosh vazir etib “Islohotchilik harakati” liberal partiyasi yetakchisi Sharl Mishel tayinlangan.
Yangi hukumat ishga kirishgani hamonoq bir qator islohotlar o‘tkazishini e’lon qildi. Xususan, 2030-yilga borib pensiyaga chiqish yoshi bosqichma-bosqich 65 yoshdan 67 yoshgacha oshirilishi e’lon qilindi. Bundan tashqari, hukumat sog‘liqni saqlash sohasi uchun xarajatlarni qisqartirishga kirishdi va davlat kompaniyalari ishchilarining maoshlarini indeksatsiya qilishdan bosh tortdi.
Xabar berishlaricha, 15-dekabr kuni Belgiyada umummilliy ish tashlash o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)