Microsoft kompaniyasi 11-noyabr kuni o‘zining ilk Lumia smartfonini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Verge ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Kompaniya ushbu kunda bo‘lib o‘tadigan tadbiriga taklifnomalar jo‘natishni boshladi. Taklifnomalarda esa “Microsoft kundalik mobil qurilmalar kuchini barchaga yetkazmoqda” deb yozilgan. Shu bilan birga, tadbir tizerida to‘q sariq korpusli smartfon ham tasvirlangan.
Rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra Microsoft 11-noyabr kuni arzon narxdagi smartfonini taqdim etadi. Biroq yangi Microsoft Lumia smartfonining qanday nomlanishi haqida ma’lumot mavjud emas. Unda 5 dyuymli displey, 1 Gb tezkor xotira, 5 megapikselli kamera, 1,2 GGs chastotaga ega Snapdragon protsessori hamda Nokia Lumia’ning arzon smartfonlarida bo‘lmagan old kamera o‘rnatiladi.
Eslatib o‘tamiz, Microsoft kompaniyasi Lumia smartfonlarida Nokia brendi nomini ishlatishdan voz kechdi. Endilikda ushbu smartfonlar Microsoft Lumia deb nomlanadi.
Izoh (0)