Ukraina o‘zining Qozog‘istondagi bosh konsulxonasini yopib qo‘ydi. Bu haqda Ukrainaning Qozog‘istondagi elchixonasi matbuot kotibi Irina Blashchuk so‘zlariga tayanib, Tengrinews.kz xabar bermoqda.
“Ukrainaning Olma-Otadagi bosh konsulxonasi 1-noyabrdan boshlab yopib qo‘yildi. Fuqarolar qabuli amalga oshirilmayapti. Bu Ukraina tashqi ishlar vazirining qaroridir”, — dedi Irina Blashchuk. Uning ma’lum qilishicha, yopilgan konsulxona ishi Ukrainaning Ostonadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga yuklatiladi. Barcha xohlovchilar elchixonaga murojaat qilishlari mumkin, deyiladi xabarda.
Shuningdek, elchixona matbuot kotibi Ukrainaning Ruminiya va Slovakiyadagi bosh konsulxonalari, Bolgariya va Fransiyadagi konsulxonalari yopilayotgani haqida xabar berdi. Gruziyadagi konsullik agentligi, Rossiyaning Nijniy Novgorod shahridagi bosh konsulxona, Isroil va Braziliyadagi konsulxonalar faoliyati tugatiladi.
Irina Blashchukning ta’kidlashicha, mazkur muassasalarning yopilishiga mablag‘lardan optimal foydalanish niyati sabab bo‘lgan.
Izoh (0)