Rossiyaning veterinar va sanitar nazorat bo‘yicha Federal xizmati (“Rosselxoznadzor”) O‘zbekistonga Rossiya orqali noqonuniy tarzda olib kirishga urinilgan 20 tonna yog‘sizlantirilgan quruq sutni Ukrainaga qaytardi. Bu haqda Federal xizmatning Bryansk va Smolensk oblastlari bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
5-noyabr, chorshanba kuni Rossiyaning Bryansk oblastidagi “Troyebortnoye” nomli yuk va yo‘lovchi avtomobillarini o‘tkazish punktiga Ukrainaning “Quruq sut ishlab chiqaruvchi Rixal zavodi” MChJning yog‘sizlantirilgan quruq suti keltirildi. Xabarda qayd etilishicha, 20 tonnalik yuk bilan birga Ukraina Davlat veterinar xizmati tomonidan berilgan veterinarlik guvohnomasi ham bo‘lgan.
“Rosselxoznadzor” tomonidan olib borilgan nazorat vaqtida veterinarlik guvohnomasida jo‘natuvchi, yuk xarakteri va eltish sharoitlari haqida ma’lumot berilmagani aniqlandi. Federal xizmatning ta’kidlashicha, aynan shu qonunbuzarliklar “yukni jo‘natuvchiga qaytarish uchun yetarlicha asos vazifasini o‘tagan”.
Avvalroq, Bryansk va Smolensk oblastlari bo‘yicha “Rosselxoznadzor” boshqarmasi tomonidan Tojikistonga Rossiya orqali noqonuniy tarzda olib kirishga urinilgan 19,5 tonna parranda go‘shti Ukrainaga qaytarilgani xabar qilingan edi.
Izoh (0)