O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining VIII qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning barcha hududlardagi tashkilotlaridan saylangan delegatlar qatnashdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining matbuot xizmati.
Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi H. Ketmonov partiya tashkilotlari faoliyatining asosiy yakunlari hamda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov munosabati bilan partiya oldida turgan ustuvor vazifalar haqida ma’ruza qildi.
Delegatlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2010—2014-yillardagi faoliyatini tanqidiy tahlil qilib chiqdi.
Ularning fikricha, partiya tashkilotlari salohiyati katta bo’lsa-da, mavjud zaxiralarning barchasi ishga solinmagan. Xususan, partiya tashkilotlari tomonidan yoshlar bilan ishlashga yetarli darajada e’tibor qaratilmagan, elektorat manfaatlarini himoya qilishda xalq deputatlari, viloyat, tuman va shahar kengashlaridagi deputatlar guruhlari faoliyati sust bo‘lib qolmoqda.
Qurultoyda, shuningdek, partiyaning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi, boshlang‘ich tashkilotlar, jamoatchilik qabulxonalari faoliyatida, barcha darajadagi partiya tashkilotlarini axborot-tahliliy ta’minlashda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Parlamentdagi fraksiyaning joylardagi deputatlar guruhlari bilan partiya saylovoldi platformasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.
Qurultoyda sotsial-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy islohotlarni ro‘yobga chiqarishda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining rolini oshirishga doir eng muhim vazifalar belgilangan saylovoldi platformasi tasdiqlandi.
Saylov qonunchiligiga muvofiq, Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, qurultoyda partiyaning vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izoh (0)