Kofe bilan zaharlangan bir necha ayol Dilshoda Normo‘minova ustidan tegishli idoralarga shikoyat arizasi bilan murojaat qildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “Postda” gazetasi.
Bir ayol poliklinikada shifokorni kutib o‘tirganida, Dilshoda uning yoniga kelib quyuq salomlashdi va o‘zining ko‘rpalar tikib qavishini aytdi. Shifokorni kutayotgan ayol uyida biroz paxta borligi, uni ko‘rpaga solib qavitishi kerakligini aytib, Dilshodaga uy manzilini berdi. Shifokordan chiqib uyiga qaytgan ayol xonadoniga ko‘p o‘tmay Dilshoda ham keldi. U uy bekasi taklif qilgan choy o‘rniga o‘zi bilan olib kelgan kofe ichishini, u juda foydali ekanligini ta’kidlab, ayolga ham ichirdi. Dilshoda birozdan so‘ng hushidan ketgan ayolning qo‘lidagi nikoh uzugi, qulog‘idagi tilla ziragi, cho‘ntagidagi 300 dollar va 30 ming so‘mini olib, uyni tark etdi. Xonadon sohibasi esa uch kundan so‘ng shifoxonada o‘ziga keldi.
Yangi bozor qo‘rg‘onidagi go‘sht do‘koni oldida jiyanini kutaverib charchagan Rashida choy ichish uchun shu yerdagi oshxonaga kirishga qaror qiladi. Shu payt Dilshoda kelib, oshxonada erkaklar ko‘pligi bois yolg‘iz ovqatlanish noqulay bo‘lganini aytadi va birga o‘tirishni taklif qiladi. Rashida rozi bo‘lib, bir stol atrofida joylashgach, Dilshoda choynakda qaynagan suv olib kelib, kofe damlaydi va uni maqtab Rashidaga ichiradi. Makkor ayol kofe ta’sirida hushini yo‘qotgan Rashidaning tilla ziragi, uyali telefoni, sumkadagi pasporti, guvohnomasi, pensiya daftarchasi, uyining kalitlarini olib, juftakni rostladi. Rashida bir necha kundan so‘ng o‘ziga keldi.
Do‘konda savdo qilayotgan ayol oldiga kelgan Dilshoda o‘g‘liga qiz izlab yurganini aytib, sotuvchining ayni damda Toshkentda bo‘lgan qizining rasmini so‘raydi. Uyiga borib, qizining suratini ko‘rsatgan sodda ayol Dilshoda taklif qilgan kofe ta’sirida hushidan ketadi va yotoqxonada turgan tilla zanjiri hamda taqinchoqlaridan ayriladi. Sotuvchi ayol uch kun o‘tib, Parkent tumani markaziy shifoxonasida ko‘zini ochadi.
Keksa ayolning xonadoniga uning mahallasidagi “qizni surishtirib kelgan” Dilshoda uy bekasiga ham kofe ichirdi va xonadon kelinining oshxonaga kirib ketganidan foydalanib, keksa ayol cho‘ntagidagi 50 ming so‘m bilan kifoyalandi.
Toshkentdagi “Bek-baraka” bozoriga otlangan qaynona-kelin taksida Dilshoda bilan birga keldi. “Otchopar” bozori yaqinida tushgach, Dilshoda nevaralari choy ichirmaganini bahona qilib, ularni oshxonaga kirishga ko‘ndirdi va sho‘rva buyurdi. Dilshoda ko‘p o‘tmay turib, sho‘rvalarni o‘zi “tayyorlab olib keldi”. Taomdan zaharlangan qaynona-kelin 200 ming so‘m puli, uyali telefoni va tilla taqinchoqlaridan ayrilib, besh-olti kundan so‘ng shifoxonada o‘ziga keldi.
Tegishli idoralar tomonidan ko‘rilgan sa’y-harakatlar natijasida makkora ushlanib, uning qilmishlariga chek qo‘yildi. Ma’lum bo‘lishicha, u jabrlanuvchilarning kofe va ovqatlariga psixotrop tabletkasini qo‘shib qo‘ygan.
Izoh (0)