Respublikadagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablariga o‘quvchilarning talab va istaklarini inobatga olgan holda xorijiy tillarni o‘rgatish, turli fanlardan to‘garaklar va sport mashg‘ulotlarini 3-noyabrdan boshlangan kuzgi ta’til vaqtlarida uzluksiz ishlashini ta’minlash vazifasi topshrildi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi barcha to‘garaklar bepul o‘tkazilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati.
Shuningdek, ta’til kunlarida o‘quvchilar sport bilan shug‘ullanishi uchun umumiy o‘rta ta’lim maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, sport majmualaridagi to‘garaklar va seksiyalar, suzish havzalari to‘laqonli faoliyat ko‘rsatadi. Bugungi kunda respublikada ularning soni 65 423 tani tashkil qilib, sport to‘garaklarida 1 million 637 ming 943 nafar o‘quvchi sport bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga sport to‘garaklariga bepul qatnashish imkoniyati yaratilgan.
Respublikadagi 211 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlarida tashkil etilgan 4485 ta to‘garak uzluksiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur markazlarda uch yo‘nalish — ekologiya va o‘lkashunoslik, badiiy va texnik ijodiyot yo‘nalishida 36 turdagi to‘garaklar ishlamoqda.
“Barkamol avlod” bolalar markazlaridagi to‘garaklarda qatnashish uchun badal to‘lovi qishloq joylarda eng kam ish haqining 5 foizi, viloyat markazlarida eng kam haqining 10 foizini tashkil qiladi. Ota-onalar to‘lovidan tushgan badal puli evaziga o‘quvchilar uchun to‘garak mashg‘ulotlari davomida zarur bo‘lgan xomashyolar xarid qilinadi.
Hozirgi kunda respublikadagi mavjud “Barkamol avlod” bolalar markazlariga 107 953 nafar o‘quvchi qamrab olingan. Ular o‘rtasida bichish va to‘qish, liboslar dizayneri, folklor, kompyuter servisi va grafika, yosh dasturchi kabi to‘garaklarga qiziqish ortmoqda.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-iyuldagi 189-sonli “Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq vazirlik tomonidan kuzgi ta’til vaqtida 20 400 nafar o‘quvchilarning muzeylarga sayohatini tashkillashtirish ko‘zda tutilgan.
Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida 9739 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi mavjud bo‘lib, ularda 4 million 458 ming 162 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim oladi.
Izoh (0)