O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida 2014-yilning to‘qqiz oyi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Joriy yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda 4,3 mingdan ortiq yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Ularning 98,4 foizi ochiq tender savdolari orqali joylashtirilgani avtotransport xizmatlari bozorida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va transportda tashuvchilar uchun teng sharoit yaratish imkonini bermoqda. Jumladan, 2014-yilning yanvar—sentabr oylarida o‘tkazilgan 89 ochiq tender savdolari orqali 790 dan ziyod yo‘nalish ochildi.
O‘tgan davrda viloyat hokimliklari bilan hamkorlikda yo‘lovchilar oqimini o‘rganish, yo‘lovchi tashish sohasidagi mavjud ehtiyojlarni aniqlash, avtokorxonalardagi avtobuslarni yangilashga amaliy yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirildi. Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan va lizing asosida xarid qilingan Isuzu rusumli 243 yangi avtobus barcha viloyatlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Bunday chora-tadbirlar samarasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati oshdi.
Tadbirda joriy yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda yo‘lovchi tashishni amalga oshiradigan litsenziyaga ega avtomobillar soni 94 mingdan oshgani ta’kidlandi.
Izoh (0)