Poytaxtdagi “Qoraqamish dehqon bozori” hududida davlat soliq inspektori lavozimida ish boshlagan shaxs mo‘may daromad topish va boylik orttirishni maqsad qilib, egallab turgan lavozimidan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Soliq inspektori mansab vakolatini suiiste’mol qilib, “Qoraqamish dehqon bozori” MChJ ma’muriyati hamda bozor hududida faoliyat yurituvchi xo‘jalik subyektlari rahbarlari va savdo qiluvchi fuqarolarga Davlat soliq qo‘mitasi tizimlarida xizmat qilmaydigan kishini go‘yo o‘zi bilan birga xizmat qiluvchi “soliq” xodimi deb tanishtiradi. Uning bu yolg‘onlari yetmaganidek, o‘zining mansab vazifalarini bajarishni ham uning zimmasiga yuklaydi.
Shu tariqa “soliq” xodimi “Qoraqamish dehqon bozori” MChJning “Tansiqboyev” shoxobchasi hududida go‘sht mahsulotlari sotayotgan tadbirkorlarni erkin va to‘liq faoliyat ko‘rsatishlariga to‘sqinlik qilib, turli nayranglar bilan ulardan pul undirmoqchi bo‘ldi. Soxta xodim tovlamachilik yo‘llari bilan ularning mahsulotlarini sifatsiz deb ko‘rsatib, ma’lumotnoma tuzdi va ularning savdo faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi.
Shuningdek, u turli do‘q-po‘pisalar bilan bu yerda savdo qilayotgan tadbirkorlarni jinoyat ishi qo‘zg‘atish bilan qo‘rqitadi. Bu kimsa o‘z rahnamosi bilan hamkorlikda 2012-yilning mart va aprel oylarida bir sotuvchidan jami 270 ming so‘m naqd pul va 140 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini, aprel va may oylarida esa boshqa bir tadbirkordan jami 265 ming so‘m miqdoridagi oziq-ovqat mahsulotlarini olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.
Soxta xodim bu kabi nayranglarni bozordagi boshqa tadbirkorlarga nisbatan ham bir necha bor qo‘llab, ularga turli miqdorda moddiy zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi. Bu ishlarga bosh-qosh bo‘lib turgan soliq inspektori esa har kuni kechqurun uning kundalik yig‘ib-terganini taqsimlar edi.
Oradan olti oy o‘tib, bozor hududidagi sotuvchilarning sabr kosalari to‘ladi. Ulardan bir guruhi bozordagi ahvol haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi. Bir necha kunlik tekshirishlar, kuzatuvlardan so‘ng soxta xodim “ish” ustida qo‘lga olindi. Uning “soyabon”i ham qonun oldida bosh egishdan boshqa chora topa olmadi. Ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Mazkur ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi Jinoyat kodeksining tegishli moddalarini qo‘llab, huquqbuzarlarga qilmishiga yarasha jazo tayinladi.
Izoh (0)