Sentabrda taqdim etilgan yangi Samsung Galaxy Note 4 smartfoni 20-oktabr kuni Toshkent shahridagi “Fleshka” savdo majmuasida 2,8 million so‘mdan sotila boshlangan edi. 2-noyabr holatiga ko‘ra, ushbu majmuada Note 4 gadjetini 2 600 000 so‘mdan xarid qilish mumkin. Bu haqda “Parol” nashri xabar berdi.
Note 4 dizayni Note 3 bilan bir xil bo‘lib, ammo u Galaxy Alpha kabi metall ramkaga ega. Shuningdek, uning texnik xususiyatlari ancha yaxshilangan. Galaxy Note 4’ning old kamerasi 120 daraja burchak ostida surat oladi. Shu bois uning yordamida selfi surat olish ancha qulay. Uning old kamerasida ham panorama surat olish mumkin.
Unda 5,7 dyuym 2560×1440 pikselli Super AMOLED displey, 3,7 megapikselli old va 16 megapikselli orqa kamera, 3220 mA·soat quvvatga ega batareya, 3 Gb tezkor va MicroSD yordamida kengaytirish mumkin bo‘lgan 32 Gb ichki xotira o‘rnatilgan. Uning to‘rt va sakkiz yadroli protsessorga ega turlari bor.
Yangi gadjetda tezkor quvvatlash funksiyasi mavjud. Bu bilan planshetofon batareyasining quvvatini 50 foizga to‘ldirish uchun 30 daqiqa sarflanadi. Galaxy Note 3 esa bu ish uchun 55 daqiqa sarf etar edi.
Izoh (0)