Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida yosh avlod salomatligini mustahkamlash yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi o‘tgan yili zamonaviy binoga ko‘chib o‘tdi. Markaz faoliyati kengayib, jarrohlik, reanimatsiya, ortopediya, pulmanologiya, gastroenterologiya, kardiorevmatologiya, nevrologiya bo‘limlari qatoriga oftalmologiya va urologiya bo‘limlari ham qo‘shildi.
“Joriy yilda markazda yangi davolash korpusining qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda. Buning uchun 2 milliard 700 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarf etilmoqda. Germaniyaning KFW banki bilan hamkorlikdagi dasturga asosan markaz eng so‘nggi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmoqda”, — dedi markaz bosh shifokori A.Abdurazzoqov.
Markaz tashabbusi bilan joylarda tashkil etilayotgan sog‘lomlashtirish haftaliklarida eng chekka qishloqlar yoshlari, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)