AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol diplomatik ishini to‘xtatganiga qaramay, uni rossiyalik maxsus xizmatlar kuzatayotganligini gumon qilmoqda. O‘zining bunday gumonlarini Maykl Makfol Chikago universitetidagi chiqishlaridan birida ma’lum qildi. Bu haqda The New York Times nashriga tayanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
Makfolning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik josuslar nafaqat elchining, balki ayolining ham telefon suhbatlarini ushlab olish bilan shug‘ullanmoqda. Makfol mazkur gumonlar yaqinda o‘z isbotini topganini ma’lum qildi: MomsRising notijorat tashkilotida faoliyat yurituvchi Makfolning ayoli qo‘l telefoniga uning rahbari qo‘ng‘iroq qilganida, kimdir rus tilida javob bergan.
“Ular e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yganmi? Yoki bu ogohlantiruvchi belgi bo‘lib, bu bilan ular ‘Seni Palo-Altoda ekanligingni bilamiz va biz hamon yoningdamiz’, demoqchi bo‘lganmi?” — deb qayd etdi diplomat.
AQShda Rossiya bo‘yicha kuchli mutaxassislardan biri bo‘lgan Maykl Maklof 2012-yilda Amerikaning Moskvadagi elchisi etib tayinlangan edi. U mazkur lavozimni Sochi Olimpiadasidan so‘ng, 2014-yil fevral oyida tark etib, Kaliforniyadagi Palo-Alto shahriga qaytdi. Sobiq elchi ayni damda shu shahardagi Stendford universitetida dars beradi.
The New York Times'da qayd etilishicha, Maykl Makfol Moskvada faoliyat olib borgan vaqtida Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan doimiy ravishda kuzatib borilgan.
Izoh (0)