Jahon banki Afg‘onistonni sarmoya kiritish uchun Osiyodagi eng yomon davlat deb atadi. Bu haqda Tolo News xabar bermoqda.
Bank xodimlarining fikricha, xavfsizlikka tahdid, korrupsiya, mamlakatning islohotlarga tayyor emasligi va xalqaro yordamning kamayishi afg‘on iqtisodiyotining rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda.
Afg‘oniston sarmoyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi Jahon banki ma’ruzasi bilan tanishgani va u yerda keltirilgan xulosalarga e’tiroz bildirib bo‘lmasligini ma’lum qildi. Shunga qaramay, Afg‘onistondagi mansabdor shaxslar bularning barchasiga siyosiy beqarorlik va saylovdan so‘ng cho‘zilib ketgan inqiroz aybdor deb hisoblamoqda.
Ayrim iqtisodchilar avval Jahon bankida faoliyat yuritgan mamlakatning yangi prezidenti Ashraf G‘anining xalqaro standartlarga javob beradigan islohotlar yordamida vaziyatni yumshatishiga umid qilmoqda.
O‘tgan yili Jahon banki 183 mamlakatning sarmoyadorlik salohiyatini baholaganida Afg‘oniston 182-o‘rinni egallagan edi. 2014-yilda esa Jahon banki 189 mamlakatni baholadi va Qobul bu yilgi reytingda 183-pog‘onani zabt etdi.
Sarmoyadorlik salohiyati bo‘yicha tuzilgan mazkur reytingda to‘qqiz yildan beri Singapur yetakchilik qilmoqda.
Izoh (0)