31-oktabr, juma kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qaror matni O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilindi.
Hujjatda shoiraning o‘zbek tilida “Saylanma” asarlarini, ingliz va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan she’riy to‘plamlarini, “Zulfiya zamondoshlari xotirasida” kitobini chop etish, Zulfiyaning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida “Mustaqillik davri adabiyotida Zulfiya ijodining ahamiyati” mavzusida ilmiy konferensiya, 2015-yil martida esa “Turkiston” saroyida shoira xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish tadbirlari ko‘zda tutilgan.
Qarorda qayd etilishicha, Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash taklifi Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” YoIH va jamoatchilik vakillaridan chiqqan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya 1915-yil 1-mart kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan (1996-yil avgustida, 81 yoshida vafot etgan).
Izoh (0)