Sud Panamaning sobiq diktatori Manuel Noreganing mashhur Call of Duty otishma o‘yinlari ishlab chiquvchisi – Activision kompaniyasiga qarshi da’vosini qanoatlantirmadi. Bu haqda Eurogamer portaliga asoslanib Kun.uz xabar bermoqda.
Norega Activision’ni 2014-yil iyulida sudga bergandi. Bunga Call of Duty: Black Ops II shuterida aynan sobiq diktatorga o‘xshash personaj kiritilgani, u odamlarni o‘g‘irlovchi, qotil va davlat dushmani sifatida ko‘rsatilgani sabab bo‘lgandi.
Hozirgi vaqtda Panama qamog‘ida o‘tirgan Noreganing so‘zlariga ko‘ra, Activision unga yetkazilgan ma’naviy zarar o‘rnini qoplashi, shuningdek, beruxsat uning obrazidan foydalanganligi uchun javob berishi kerak.
Norega o‘z da’vosida aynan uning qiyofasi paydo bo‘lgani Black Ops II’ning mashhur bo‘lib ketishiga sabab bo‘lganini qayd etib o‘tgan va shu sababli o‘yin mualliflaridan qo‘ldan chiqarilgan foyda uchun tovon puli to‘lashni ham talab qilgandi.
Activision advokatlari esa ushbu ayblovlarni mantiqsiz deb atashdi va ko‘plab badiiy asarlarda – kitoblar va telefilmlardan tortib videoo‘yinlargacha barchasida asos qilib haqiqiy hayotda sodir bo‘lgan voqealar tanlab olinishini ma’lum qildi.
Sudya Vilyam Feyxi Activision foydasiga hukm chiqararkan, Black Ops II o‘yini Noreganing obrazi sabab emas, balki Activision’ning o‘z sa’y-harakatlari samarasi o‘laroq muvaffaqiyatga erishganini qayd etib o‘tdi.
Manuel Norega Panama milliy gvardiyasining sobiq bosh qo‘mondoni bo‘lib, 1983−1989-yillarda u amalda davlat rahbari bo‘lgan. 1992-yili u giyohvand moddalar bilan savdo qilish va terrorchilikni qo‘llab-quvvatlash aybi bilan AQShda 40 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Keyinroq, 2010-yili uni Fransiyaga topshirishgan – bu yerda sobiq diktator pul yuvishda ayblanib, yetti yilga qamalgan. Oradan bir yil o‘tib Norega Panamaga topshirildi – u 1995-yildayoq Panama sudi tomonidan siyosiy raqiblarini yo‘q qilgani uchun 20 yilga sirtdan qamalgandi.
Izoh (0)