Turkiyaning hamkorlik va taraqqiyot agentligi (TIKA) rahbari Serdar Cham O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar berdi Gazeta.uz.
Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi bergan xabarga ko‘ra, TIKA delegatsiyasi Urganch shahrida 28—29-oktabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etadi.
TIKA boshlig‘i 25—26-oktabr kunlari Samarqand hamda Buxoro shaharlariga tashrif buyurdi. Shaharlarning diqqatga sazovor joylari, tarixiy yodgorliklari bilan tanishdi.
Serdar Cham 27-oktabr kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Anvar Olimov bilan muzokara o‘tkazdi.
Shuningdek, TIKA hamkorligida bunyod etilgan O‘zbekiston Respublikasi Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti qoshida o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish markazi ochilishi hamda O‘zbekiston Davlat Jahon Tillari Universitetida turk tili xonasi ochilishida ham qatnashdi.
Bundan tashqari, Serdar Cham “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro xayriya jamg‘armasiga ham tashrif buyurdi. Bu yerda hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Izoh (0)