Navoiy viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 90 ming 582 tonnadan ziyod go‘sht, 256 ming 243 tonna sut tayyorlanib, tegishli tartibda joylarga yetkazib berildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
“Chorvachilik rivojlanmoqda, — dedi viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi mas’ul xodimi Qanoat Tumenbayev. — Joriy yilda Karmana, Qiziltepa, Navbahor, Nurota va Xatirchi tumanlariga 262 bosh naslli mol keltirildi. Tijorat banklari tomonidan sohaga ikki milliard 599 million so‘m kredit ajratildi. Fermer xo‘jaliklarining ikki milliard so‘mdan ziyod mablag‘i shu maqsadga yo‘naltirildi. Bu ishlar natijasida 130 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi”.
Viloyat chorvadorlari 2014—2015-yilgi qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini davom ettirmoqda. Shu kungacha 680,7 ming tonna dag‘al xashak jamg‘arildi. Yopiq qo‘ralar tom va devorlarini ta’mirlash ishlariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Chorvadorlar ijtimoiy himoyasini ta’minlash ham doimiy e’tiborda. Yaqinda cho‘pon-cho‘liqlarga maxsus qishki kiyim-bosh topshirildi. Oilaviy pudratchilarning oziq-ovqat zaxirasini mustahkamlash maqsadida ularga un, o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa zarur iste’mol mollari yetkazib berilmoqda.
Izoh (0)