AQShga yaqindagina Afrikaning Senegal Respublikasidan ko‘chib kelgan, 11 hamda 13 yoshdagi aka-ukalarni Bronks maktabidagi bir qancha o‘quvchilar qattiq do‘pposladi, deb xabar berdi “RIA Novosti”.
Ularning otasi so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchilar bolalarni katta tanaffus paytida maktab hovlisida urgan. O‘tgan hafta mobaynida ular ustidan kulib, ismini aytmasdan “Ebola” nomi bilan masxara qilib chaqirgan. Jismoniy tarbiya fanida o‘quvchilar: “Koptokka tegmang, kasalingiz yuqadi, sizlar bilan o‘ynamaymiz”,— deya e’tiroz bildirgan.
Maktab ma’muriyati bolalarni himoya qilish uchun qo‘shimcha chora tadbirlar ko‘rishini bildirgan.
Afrikalik huquq himoyachilari bu holat G‘arbiy Afrikada Ebola kasalligi tarqalganidan buyon afrikaliklarga qilingan hurmatsizlik va haqoratlarning hozricha eng oxirgisi ekanligini ta’kidladi.
Avvalroq, AQShda Eboladan liberiyalik Tomas Dunkan halok bo‘lgani va uni davolayotgan hamshira kasallikni yuqtirib olgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)