Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko o‘z mamlakati xalqini Ukraina fashist bosqinchilaridan ozod qilinganligining 70 yilligi bilan tabrikladi. Tabrik matni Ukraina prezidenti ma’muriyati rasmiy saytida keltirilgan.
Ikkinchi jahon urushidagi ukrain xalqining jasorati va matonati haqida gapirgan Poroshenko 8-9 million ukrainalik jangchilar urush maydonlarida halok bo‘lganini eslatib o‘tdi. Shuningdek, u Ukraina o‘sha davrda mustaqil davlat bo‘lmaganiga qaramay Gitlerga qarshi koalitsiyaning muhim qismi bo‘lgani sababli Birlashgan Millatlar Tashkiloti ta’sischilaridan bo‘lganini e’tirof etdi.
Poroshenkoning so‘zlariga qaraganda, Ukraina chegaralari Ikkinchi jahon urushidan keyingi 70 yil davomida daxlsiz bo‘lgan, biroq hozir urush G‘arbdan emas, balki Sharqdan kelgan. Mamlakatni 70 yil muqaddam himoya qilganlarning nevaralari, evaralari va chevaralariga murojaat qilib, ularni o‘z ajdodlari g‘alabasini esga olishga chaqirgan Poroshenko o‘zi ishlab chiqqan siyosiy va diplomatik reja yordamida Donbassdagi urushda g‘alaba qozonishga ishonishini aytib o‘tgan.
Izoh (0)