O‘zbekiston Respublikasining turli viloyatlaridan kelgan badiiy gimnastikachilar Samarqand shahrida O‘zbekiston Kubogi uchun bahs olib bordi. Bu haqda Sports.uz xabar bermoqda.
Badiiy gimnastikachilar Sport ustasi va Sport ustaligiga nomzod dasturlari uchun bahslarda ishtirok etdi. To‘rtta yo‘nalish — tasma, halqa, to‘p va bulava bahslarida poytaxtlik gimnastikachilar shohsupaga ko‘tarildi.
Halqa va tasmada mashq qilish yo‘nalishlarida Farxutdinova Ravilya birinchilikni qo‘lga kiritdi. Saidxonova Komila to‘pdagi mashqlarda tengsiz deb topilgan bo‘lsa, bulava mashqida Yusupova Jasmin barchadan ustun keldi.
Sport ustaligiga nomzod dasturida mezbon gimnastikachi Usmonova Nuriniso halqa va to‘p bilan o‘tkaziladigan mashqlar g‘olibasi deb topildi. Shu dasturning bulava va tasma mashqlarida esa toshkentlik Kisilyova Aleksiya va Abduvohidova Diana birinchilikni qo‘lga kiritdi.
Ko‘pkurash bahslarida Sport ustasi dasturida Farxutdinova Ravilya, Sport ustaligiga nomzod dasturida esa Toshkenboyeva Sabina barcha raqiblaridan ustun keldi.
Izoh (0)