AQShning SpaceX xususiy kompaniyasi tomonidan qurilgan Dragon nomli yuk tashuvchi kosmik kema 25-oktabr kuni Yerga qaytib, Tinch okeanining Kaliforniya yaqinidagi qismiga qo‘ndi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
SpaceX’ning qayd etishicha, kema suvga mahalliy vaqt bilan 12:38 (Toshkent vaqti bo‘yicha 01:38)da qo‘ngan.
Kompaniya tomonidan yollangan kemalar apparatni kutib olib, uni Los-Anjeles yaqinidagi portga olib borishi rejalashtirilgan.
Kema 23-sentabr kuni Xalqaro kosmik stansiya bilan uchrashib, olti kishidan iborat ekipajga 2,5 tonna yuk, xususan, oziq-ovqat, ilmiy tajribalar uchun qurilma va materiallarni yetkazib berdi.
Dragon butun dunyodagi qayta foydalanila oladigan yagona kosmik kema bo‘lib, uning qaytishi avvaliga 21-oktabrga rejalashtirilgan edi. Biroq Tinch okeanidagi kuchli shamol tufayli uning qaytishi ortga surildi.
Bu Dragon’ning Xalqaro kosmik stansiya tomon amalga oshirgan to‘rtinchi parvozi bo‘ldi. NASA va SpaceX o‘rtasida tuzilgan 1,6 milliard dollarlik shartnomaga ko‘ra, Dragon u yerga yana sakkiz marotaba parvoz qilishi kerak.
Izoh (0)