24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Majlis yangi tahrirdagi “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilishdan boshlandi. Qonun loyihasining barcha moddalarini har tomonlama muhokama etish chog‘ida mazkur hujjatni yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Shundan so‘ng deputatlar “‘Bankrotlik to‘g‘risida’gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Deputatlar moddama-modda muhokama qilish chog‘ida bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qonun loyihalarini uzil-kesil tahrirda qabul qilish uchun tayyorlab, maromiga yetkazish maqsadida mas’ul qo‘mitaga topshirdi.
Majlis kun tartibiga birinchi o‘qishda ikkita yangi qonun loyihasi kiritildi. Deputatlar “Mamlakatda investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitining yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga katta e’tibor qaratdi.
Qonun loyihasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomillari murakkablashuvini hamda tadbirkorlik subyektlarining zimmasiga yangi majburiyat va javobgarlik yuklanishini nazarda tutuvchi qonun hujjatlari ular rasman e’lon etilgan kundan boshlab uch oydan kam bo‘lmagan muddatda kuchga kirishi belgilab qo‘yilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 15-aprelda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tadbirkorlikni rivojlantirishga, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan yana bir muhim hujjatdir. Jumladan, ushbu qonun loyihasida litsenziyalash va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar berish mexanizmlarini yanada takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Deputatlar muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda ushbu qonun hujjatlarining asosiy qoidalarini ma’qulladi va ularni birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjatlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash mas’ul qo‘mitalarga topshirildi.
Izoh (0)