O‘tgan olti yil davomida O‘zbekiston bo‘yicha 1 trillion 300 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 1 million 750 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilingan Respublika Prezidentining paxtakor va mehnatkashlarga Davlat paxta rejasi bajarilgani bilan yo‘llagan tabrigida qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, faqatgina keyingi ikki yilda paxtachilik bo‘yicha hosildorlik 24 sentnerdan 26,5 sentnerga oshdi.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda yangi g‘o‘za navlarini yaratish, seleksioner olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli 100 dan ortiq yangi navlar yaratildi. Ularning 27 tasi davlat reyestriga kiritilib, amalda joriy etilayotgani ushbu tarmoqning izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
Bu yilgi mavsum davomida duch kelingan murakkab sinov va qiyinchiliklarni bartaraf etishda intensiv agrotexnologiyalar oqilona foydalanildi. Natijada g‘o‘za qator oralari har yilgidan 4-5 marta ko‘p, o‘rtacha 12 martadan ziyod sifatli kultivatsiya qilinib, gektariga besh tonnadan, jami 13 million tonnadan ortiq mahalliy o‘g‘it berildi.
O‘zbekiston Prezidenti qutlovida ta’kidlanishicha, respublika paxta xirmonining qariyb 90 foizi yuqori sortlarga topshirildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda O‘zbekiston sharoitida har qaysi viloyat va tuman uchun mos keladigan, serhosil, yuqori sifatli tola beradigan, ertapishar g‘o‘za navlarini chiqarish va rayonlashtirish eng dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.
Izoh (0)