Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan ParaOsiyo o‘yinlari bugun, 24-oktabr kuni nihoyasiga yetdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Qariyb bir hafta davom etgan mazkur musobaqalarda qit’aning 41 davlatidan kelgan 2448 nafar sportchi dasturdan o‘rin egallagan sportning 24 turi bo‘yicha jami 1345 komplekt (443 ta oltin, 433 ta kumush, 469 ta bronza) medallar shodasi uchun kurash olib bordilar.
E’tiborlisi, ParaOsiyo o‘yinlarida ishtirok etgan 27 nafar sportchimiz 22 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza jami 31 ta medalga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida 41 davlat orasida faxrli 5-o‘rinni band etdi. Shu bilan birga mamlakatimiz sportchilari ParaOsiyo o‘yinlarida 12 marotaba Osiyo rekordini yangilashga ham muvaffaq bo‘ldilar.
Ta’kidlash joizki, mazkur ParaOsiyo o‘yinlarida ishtirok etgan davlatlar orasida delegatsiya tarkibidan o‘rin egallagan sportchilar sonidan ko‘p medalga faqatgina O‘zbekiston hamda Xitoy (226 nafar ishtirokchi – 317 ta medal) delegatsiyalari sazovor bo‘ldilar.
Umumjamoa hisobida bizdan yuqori o‘rinlarni egallagan Janubiy Koreya delegatsiyasi 321 nafar sportchi bilan jami 211 ta medalni, Yaponiya termasi 291 nafar sportchi bilan jami 143 ta medalni, Eron delegatsiyasi esa 198 nafar sportchi bilan jami 120 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bizdan keyingi o‘rinda joylashgan Tailand termasida 217 nafar sportchi 107 ta medalga sazovor bo‘ldi
ParaOsiyo o‘yinlarida ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritgan delegatsiyamiz a’zolari 26 oktyabr kuni soat 19:20da O‘zbekistonga qaytib keladilar.
Izoh (0)