Davlatimiz rahbarining shu yil 27-iyundagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2014−2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berish uchun “Shimolgazta’minot” unitar korxonasi tasarrufidagi 12 ming 247 kilometr gaz tarmoqlari, 6 mingdan ortiq gaz taqsimlovchi uskunalarning sozligi ko‘zdan kechirilib, zarur joylarda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Xususan, 15,2 kilometr gaz tarmog‘ida rekonstruksiya ishlari bajarilib, 8 kilometri kapital ta’mirlandi. 300 kilometrga yaqin masofadagi yerosti gaz quvurlarining holati tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tabiiy gaz yetib bormagan chekka hududlardagi xonadonlarni bosqichma-bosqich suyultirilgan gaz bilan ta’minlash rejasi ishlab chiqilib, shu kunga qadar 14 ming 62 xonadonga suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida tumanlardagi gaz tarmoqlari idoralarida 39 ta gaz ballonlarini saqlash va tarqatish omborxonasi, yettita servis markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Izoh (0)