22-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda quyi palata axborot xizmatiga tayanib, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Byudjetnomasi — Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalarini ko‘rib chiqdi. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri R. Azimov hamda Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining raisi B. Iminov ma’ruza qildi.
Nashrda qayd etilishicha, kelgusi yilgi yalpi ichki mahsulotning sakkiz foizga, sanoat ishlab chiqarish mahsulotining 8,3 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotining olti foizga, kapital qo‘yilmalar hajmining 9,6 foizga o‘sishi nazarda tutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat byudjetini va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarini hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.
Izoh (0)