22-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda quyi palata axborot xizmatiga tayanib, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Majlisda O‘zbekistonning 2015-yilgi Davlat byudjeti loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Muhokama davomida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdi. Deputatlar iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyatni va jamiyat hayotining boshqa jabhalarini rivojlantirish dasturlari o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirilishi muhimligini ta’kidladi.
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolarining fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyoti fan va texnikaning eng ilg‘or yutuqlariga, iqtisodiy jarayonlarni samarali boshqarishga va xalq ta’limi tizimiga tayanishi lozim.
Bu borada 2015-yilgi Davlat byudjeti loyihasida fan sohasiga ajratilgan xarajatlar joriy yilga nisbatan 1,26 baravar oshirilgan. Bu esa o‘z navbatida davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida fanni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari hamda tadbirlarini davom ettirishda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Izoh (0)