Oliy liganing ushbu mavsumida chempionlik masalasi hal bo‘ldi. “Paxtakor” safarda “Lokomotiv”ni mag‘lub etishning uddasidan chiqdi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
O‘yinning 58-soniyasidayoq “Paxtakor” hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Ilk hujumda burchak to‘pini qo‘lga kiritdi va ko‘tarib berilgan to‘pni Krimets bosh bilan darvozaga joyladi. Ushbu gol o‘yinni deyarli 80 foizga hal qilib qo‘ydi. Bunig birinchi sababi ushbu gol mehmonlarni ruhan sindirgani bo‘lsa, ikkinchidan, durang natija ham “sherlar”ni qanoatlantirardi.
Natijada “temiryo‘lchilar”ning o‘yini birinchi bo‘limda umuman chiqmadi. Birinchi bo‘lim tugashi arafasida yana burchak to‘pi va bu safar Miladinovich bosh bilan darvozani ishg‘ol qildi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Abramov shogirdlari maydonga shiddat bilan tushdi va tezda hisobni bittaga qisqartirdi. Hasanov yetkazib bergan to‘pni Shog‘ulomov bosh bilan darvozaga joyladi. Shog‘ulomov birga-bir vaziyatdan foydalanib, hisobni tenglashtirganida, o‘yin umuman boshqacha yo‘nalish olishi mumkin edi. Ammo Alisher o‘ta qulay vaziyatda noaniq zarba berdi. Ko‘p o‘tmay Nesterovning xatosidan keyin Merzlyakov darvozani ishg‘ol qildi va g‘alabani ta’minladi.
Ushbu g‘alabadan keyin “Paxtakor” “Lokomotiv”dan uch ochkoga ilgarilab ketdi. Babayan shogirdlari hisobida yana bitta zaxira o‘yini bor. Shuning uchun ham paxtakorchilar muddatidan avval chempionlikni hal qilish uchun yaxshi imkoniyatga egadir.
Oliy liga, 20-turning qoldirilgan o‘yini
“Lokomotiv” — “Paxtakor”: 1:3 (0:2)
Gollar: Alisher Shog‘ulomov (54) — Yegor Krimets (1), Boyan Miladinovich (44), Aleksandr Merzlyakov (76)
Ogohlantirishlar: Jasur Hasanov (72), Bobur Yo‘ldoshev (80), Dilshod Rahmatullayev (88) — Yegor Krimets (28), Aleksandr Merzlyakov (55), Davron Hoshimov (70), Boyan Miladinovich (89)
“Lokomotiv”: 1. Ignatiy Nesterov, 4. Bobur Yo‘ldoshev, 10. Farhod Tojiyev (Alisher Shog‘ulomov 50), 17. Salim Mustafoyev, 18. Fozil Musayev (Dilshod Rahmatullayev 56), 20. Islom To‘xtaxo‘jayev, 22. Viktor Karpenko (Artyom Filiposyan 78), 24. Ibrohim Rahimov, 50. Aleksandr Geynrix, 77. Jasur Hasanov, 88. Lutfulla To‘rayev
“Paxtakor”: 12. Aleksandr Lobanov, 23. Aleksandr Merzlyakov, 2. Yegor Krimets, 4. Boyan Miladinovich, 24. Davron Hoshimov, 21. Kamoliddin Tojiyev, 7. Kaxi Maxaradze (s), 29. Vladimir Kozak (Akbar Ismatullayev 90+2), 10. Jamshid Iskanderov, 11. Igor Sergeyev (Oybek Qilichev 90+4), 18. Bahodir Pardayev (Stanislav Andreyev 56)
Bosh hakam: Ammar al-Junaybiy (BAA)
Izoh (0)