Toshkent shahridagi Xalqaro hamkorlik markazida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Gruziya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sanoat, transport va transport kommunikatsiyalari, sayyohlik, metrologiya, sport kabi sohalarga mas’ul vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining o‘rinbosari, komissiya hamraisi I. Ergashev O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi aloqalar 1995-yilda imzolangan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma ruhida rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Mamlakatlar iqtisodiy hamkorligi erkin savdo, sarmoyalarni himoyalash va rag‘batlantirishga doir qator hujjatlarga asoslanadi.
Gruziya iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vazirining o‘rinbosari, komissiya hamraisi M. Janelidze O‘zbekiston Gruziyaning muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan ekanini alohida ta’kidladi.
“O‘zbekiston — iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan mamlakat, — dedi M.Janelidze. — O‘zaro manfaatdorlik va do‘stlik tamoyillariga asoslangan munosabatlarimiz izchil taraqqiy etmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun imkoniyatlar ko‘p. Muntazam o‘tkazib kelinayotgan mazkur komissiya majlisi o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Temir yo‘l transporti, sayyohlik, madaniyat va sport sohalaridagi o‘zaro aloqalarimizni yanada rivojlantirish, sarmoyaviy qo‘shma loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz”.
Hukumatlararo komissiya majlisida Gruziya delegatsiyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususiylashtirish jarayoni, “Navoiy”, “Angren” va “Jizzax” industrial zonalarida sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar bilan tanishtirildi. Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va transport kommunikatsiyalari, sayyohlik, madaniyat va sport kabi sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish kabi qator masalalar muhokama qilindi.
Izoh (0)