Toshkent shahar hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi doirasida poytaxt tumanlarida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, erishilgan natijalar va dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanlari tashkil etilmoqda. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.
Ayni kunga qadar o‘tkazilgan mazkur tadbirlarda Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarining ishlab chiqarish salohiyati, investitsiya imkoniyatlari, aholi turarjoylari hamda ijtimoiy obyektlarni qish mavsumiga tayyorlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturining ijrosi xususida so‘z yuritildi.
Jumladan, Mirobod tumanidagi 39 mahallada tinchlik va osoyishtalikni saqlash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida tarbiyaviy ishlarning samaradorligiga erishish, notinch oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek tumanida ham iqtisodiyotni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, xorijiy sarmoyalarni jalb etish borasidagi izchil chora-tadbirlar natijasida sanoat mahsulotlari, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichi dinamikasi muttasil ortib bormoqda. Bu yerda 5000 ga yaqin kichik biznes subyektlari mavjud bo‘lib, sanoat mahsulotlari tayyorlash, qurilish-pudrat ishlari, pullik xizmatlar hamda savdo aylanmasida ularning ulushi ko‘paymoqda.
Mirobod tumanida joriy yilning o‘tgan davrida qariyb 7000 ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek tumanida 7258 kishining bandligi ta’minlandi. Ayniqsa, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish masalasi doimiy nazoratga olingani samara bermoqda.
Ushbu tadbirlarda ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.
Izoh (0)