Hindistonning Puna shahrida shaxmat bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida jahon chempionati yakunlandi. Ushbu musobaqada mamlakatimiz sharafini poytaxtlik Shamsiddin Vohidov hamda sirdaryolik Sarvinoz Qurbonboyeva himoya qildi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
So‘nggi 13-tur uchrashuvida Shamsiddin Vohidov durang natija qayd etdi. U oq donalarda shvetsiyalik Jonatan Vesterberg bilan murosaga keldi. Sarvinoz Qurbonboyeva ham qora donalarda perulik Ann Champitaz bilan durang o‘ynadi.
Jahon chempionati yakunida Shamsiddin Vohidov 6,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 65-o‘rinni egalladi. Sarvinoz Qurbonboyeva esa 8,5 ochko to‘plagan holda 9-pog‘onadan joy oldi. Beshinchi o‘rindagi xitoylik jay Mo hisobida ham 8,5 ochko bor.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida xitoylik Shangley Lu 10 ochko bilan jahon chempioni bo‘ldi. Kuchli uchlikdan yana bir xitoylik grossmeyster Vey Yi hamda rossiyalik Vladimir Fedoseyevlar joy olishdi.
Qizlar o‘rtasidagi musobaqada 11 ochko jamg‘argan rossiyalik Aleksandra Goryachkina jahon chempioniga aylandi. To‘qqiz yarimtadan ochkoga ega eronlik Sarasadat Xademalshariyex kumush, Qurbonboyeva bilan durang o‘ynagan perulik An Champitaz bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Izoh (0)