Janubiy Koreyaning Incheon shahrida boshlangan ParaOsiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari dastlabki kungi bahslarda jami 5 ta medalga (4 ta oltin, 1 ta bronza) sazovor bo‘ldilar, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti.
Suzish hamda yengil atletika musobaqalarida ishtirok etgan hamyurtlarimizdan Dmitriy Xorlin 50 hamda 400 metr masofaga o‘tkazilgan musobaqalarda marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va ParaOsiyo o‘yinlarining bir yo‘la ikkita oltin medalini delegatsiyamiz hisobiga yozib qo‘ydi.Ta’kidlash joizki, Dmitriy Xorlin 50 metr masofani 00:25,66 soniyada, 400 metr masofani esa 04:14,02 soniyada suzib o‘tib, har ikki masofada ham Osiyo rekordlarini yangiladi.
Suzish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqalarda, shuningdek, Kirill Pankov 50 metr masofaga erkin suzishda 00:24,08 soniya natija ko‘rsatib, ParaOsiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritish bilan birga, Osiyo rekordini ham yangiladi.
E’tiborlisi, hamyurtimiz Kirill Pankov turli masofalarga suzishda bir necha bor Osiyo rekordlarini yangilab kelmoqda. Yodingizda bo‘lsa, Kirill 2012 yili London shahri (Buyuk Britaniya)da bo‘lib o‘tgan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ham ikki marotaba Osiyo rekordlarini yangilagan edi. Shundan so‘ng ham tajribali sportchimiz o‘tgan ikki yil davomida qator nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, bir necha bora qit’a rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Shu bois ham sport jamoatchiligi orasida Kirill Pankovni Osiyo rekordlarini yangilash bo‘yicha mutaxassis deb, bejiz aytishmaydi.
Bevosita yana ParaOsiyo o‘yinlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchi kun bo‘lib o‘tgan musobaqalarda yengil atletikachimiz Faxriddin Hamroyev 800 metr masofaga yugurish musobaqasida marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi va navbatdagi oltin medalni delegatsiyamiz hisobiga keltirdi.
Quvonarlisi, Faxriddin ham ushbu musobaqada 01:57,19 soniya natija bilan Osiyo rekordini yangiladi. Ushbu masofaga yugurish bo‘yicha hal qiluvchi final bosqichi musobaqalarida ishtirok etgan yana bir yurtdoshimiz Damir Pashayev bronza medali sovrindori bo‘ldi.
Shu tariqa, birinchi kungi musobaqalar yakunlariga ko‘ra hamyurtlarimiz 4 ta oltin va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)