Janubiy Koreyaning Incheon shahrida davom etayotgan ParaOsiyo o‘yinlarida delegatsiyamiz xazinasi medallar bilan boyishda davom etmoqda, deb xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti.
Birinchi kungi musobaqalarda 5 ta medalga ( 4 ta oltin, 1 ta bronza) sazovor bo‘lgan O‘zbekiston vakillari bugun ertalabki dasturdan o‘rin egallagan musobaqalarda yana 2 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritishdi.Dastlabki kun o‘tkazilgan musobaqalarda 2 ta oltin medalga sazovor bo‘lgan Dmitriy Xorlin bugun 100 metr masofaga erkin usulda suzish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqada 00:56,50 soniya natija bilan ParaOsiyo o‘yinlarining uchinchi oltin medalini qo‘lga kiritdi.
E’tiborlisi, Dmitriy bu safar ham Osiyo rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Delegatsiyamiz hisobiga yana bir oltin medalni yengil atletikachimiz Mavlonbek Xaydarov keltirdi.
Yadro uloqtirish musobaqalarida 14 metr 39 santimetr natijani qayd etgan Mavlonbek ParaOsiyo o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘lish bilan birga, Osiyo rekordini ham yangiladi.
Yengil atletikaning uzunlikka sakrash musobaqalarida ishtirok etgan yana bir hamyurtimiz Farrux Mirzaqulov 6 metr 58 santimetr natija bilan kumush medal sovrindori bo‘ldi.
Shu tariqa, delegatsiyamiz hisobida hozircha 6 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali bor. Bugun kunning ikkinchi yarmida hamyurtlarimizdan Kirill Pankov 100 metr masofaga erkin va chalqancha usulda suzish musobaqalarining final bosqichida g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Shuningdek, o‘q otish bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda Server Ibragimov, dzyudo bellashuvlarida Sherzod Namozov, Nurbek Berdiyorov, Sevinch Salayeva hal qiluvchi final bosqichida ishtirok etadilar. Bugungi dasturda yengil atletikachilarimiz Ma’rufjon Murodillayev, Sirojiddin Norov, Miran Saxadov, Xusniddin Norbekov va Ubaydulla Imomqulov bahslarda ishtirok etadilar.
Izoh (0)