O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Osiyo chempionati yarim finalida KXDR terma jamoasining O‘zbekiston yoshlari ustidan qozongan yirik g‘alabasidan keyin (0:5) tashkil qilingan matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqida O‘FF rasmiy tvitteriga tayanib, Uff.uz xabar bermoqda.
“Mas’uliyatni to‘la o‘z bo‘ynimizga olamiz va mag‘lubiyatni oqlashga harakat qilmaymiz. Bugun Shimoliy Koreya kuchli o‘ynadi va yutdi. Jamoa jahon chempionatiga chiqqandan keyin xotirjamlikka berildimi, nimadir bo‘ldi. Biz yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edik. Shimoliy Koreya juda tartibli o‘yin ko‘rsatib, aniq pas bilan tezkor qarshi hujumlar evaziga gollar urdi. Biz hujumga o‘ta olmadik”, — dedi Ravshan Haydarov.
Bosh murabbiy asosiy futbolchilardan bo‘lgan Akrom Komilovning ishtirok etmagani ham o‘yinga ta’sir qilganini aytdi, biroq mag‘lubiyatning asosiy sababi bu emasligini qayd etdi: “Biz himoyada ko‘p xato qildik. Shimoliy Koreya esa bu xatolardan unumli foydalandi”.
“Shimoliy Koreya turnirdagi eng kuchli raqibmi, deysizmi? Unday bo‘lmasa kerak. Kuchli raqiblar ko‘p bo‘ldi. O‘zimiz bugun yomon o‘ynadik.
Endi, noyabr oyida futbolchilarga dam beriladi. Dekabrdan boshlab jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘ramiz”, — deb qo‘shimcha qildi Haydarov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatining dastlabki yarim final uchrashuvida KXDRga qarshi maydonga tushib, 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Izoh (0)