Juda baland ovozdagi musiqa tufayli kelib chiqqan mojaro oqibatida 17 yoshli qurolsiz qora tanli o‘smir Jordan Devisni otib tashlagan amerikalik Maykl Dann muddatidan avval ozodlikka chiqish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi. Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan mazkur ish bo‘yicha hukmni Florida shtatidagi Jeksonvill shahri sudi chiqardi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Ushbu mojaro 2012-yilning noyabr oyida Jeksonvilldagi avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalarning birida ro‘y bergan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Dannga Devis va uning uch o‘rtog‘i o‘tirgan avtomobildan kelayotgan baland musiqa yoqmagan. Erkak avval o‘smir bilan aytishib qolgan, so‘ng uning avtomobiliga qarata 10 marta o‘q uzgan.
Kasbi programmist bo‘lgan Dannning sudda ta’kidlashicha, u o‘smirlar unga qarata o‘t ochishidan xavfsirab, zaruriy mudofaaa maqsadida harakat qilgan. Vaholanki, politsiya o‘smirlar avtomobilida hech qanday qurolni aniqlamagan.
Hakamlar Dannni qasddan qotillik sodir etganlikda va uchta qotillikka uringanlikda aybdor deb topdi. Florida qonunlariga binoan, qasddan qotillik sodir etishga umrbod ozodlikdan mahrum etish yoki o‘lim jazosi tayinlanadi. Prokuratura Dannga oliy jazoni qo‘llashni talab qilmadi.
Hukm chiqarilishidan avval “Men Jordan Devisning qarindoshlari bo‘lib o‘tgan voqeadan chin dildan afsuslanayotganimni bilishlarini xohlayman. Agar men vaqtni orqaga qaytara olganimda edi, men boshqacha yo‘l tutgan bo‘lar edim”, ─ deb ta’kidladi 47 yoshli sudlanuvchi.
Izoh (0)