Evening Standard London gazetasi Britaniya poytaxtidagi mashhur siyosat arbobi, biznesmen, jamoat arbobi va shou-biznes olami yulduzlari orasidan eng obro‘li 1000 kishini aniqlash uchun o‘tkazilgan har yilgi ijtimoiy so‘rovnoma natijasini nashr qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Londondagi eng obro‘li shaxs deb g‘aznachilik kansleri Jorj Osborn topildi. Ikkinchi pog‘onani esa shahar meri Boris Jonson egalladi. Shuningdek, Evening Standard ro‘yxatidan Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron ham joy oldi, ammo u faqatgina 10-o‘ringa loyiq deb topildi, xolos. Londonliklarning fikricha, Kemeron o‘z nufuzi bo‘yicha dizayner, BMTning yaxshi niyat elchisi va Spice Girls guruhining sobiq ishtirokchisi Viktoriya Bekxemdan past keldi. Viktoriya Bekxam ro‘yxatning to‘qqizinchi pog‘onasidan joy oldi.
Ro‘yxatning uchinchi pog‘onasini sun’iy intellekt sohasidagi taniqli tadqiqotchi, Deep Mind Technologies kompaniyasining asoschisi — Demis Xassabis egalladi. To‘rtinchi o‘rinda aktyor Jorj Klunining turmush o‘rtog‘i, londonlik advokat Amal Alamuddin joylashdi. Beshinchi pog‘onadan Angliya Bankining rahbari Mark Karni joy oldi.
Oltinchi o‘rinni Buyuk Britaniyaning Ichki ishlar vaziri — Tereza Mey, yettinchi o‘rinni — shahzoda Garri egalladi. Va nihoyat, sakkizinchi o‘rin 2001-yilda tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, bioximik — Pol Nersga nasib qildi. Nobel mukofotining yana bir boshqa sovrindori ham ushbu ro‘yxatning 12-pog‘onasidan joy oldi. U Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, pokistonlik huquq himoyachisi Malala Yusufzaydir.
Izoh (0)